Respublikada 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktab hamda 166 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat ko‘rsatadi

AOKAda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Prezident, Ijod va Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul, hujjatlar topshirish jarayonlari haqida ma’lumot berildi:
2019 yildan boshlab Nukus, Toshkent, Namangan va Xiva shaharlarida Prezident maktablari ochildi. Bugungi kunga kelib agentligimiz tizimida barcha hududlarda bittadan 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi — Toshkentda Abdulla Qodiriy, Qarshida Abdulla Oripov, Namanganda Is’hoqxon Ibrat, Nukusda Ibroyim Yusupov, Andijonda Muhammad Yusuf, Xorazmda Ogahiy, Farg‘onada Erkin Vohidov, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablari, 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktab hamda 166 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgan.
Xabar berganimizdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10 iyundan – 30 iyunga qadar ONLAYN shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Prezident maktablariga hujjatlar qabuli to‘g‘risida ma’lumot.
Prezident maktablariga umumiy O‘rta ta’lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli, matematika va tabiatshunoslik fanlaridan o‘quv yilini a’lo baholarga tamomlagan o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi. O‘quvchilar faqat ta’lim olayotgan maktabining hududidagi Prezident maktabiga hujjat topshirishi mumkin.
Prezident maktablariga o‘quvchilarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi, fotosurati (oxirgi 2 oyda olingan), ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari, baholar tabeli nusxasi (direktor tomonidan tasdiqlangan) kabi hujjatlari onlayn shaklda Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali qabul qilinadi.
O‘quvchilarning hujjatlari ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng (24 soat ichida) ularga hujjatlar qabul qilinganligi, tahrirlashga yuborilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida xabar yuboriladi.
O‘quvchilarning hujjatlari belgilangan muddatlardan keyin kirish imtihonida ishtirok etish xohishini bildirgan taqdirda, o‘quvchilar o‘quv yili natijasiga ko‘ra, ko‘rsatilgan fanlar bo‘yicha “a’lo” baholar olmagan bo‘lsa, taqdim etilgan hujjatlarning soxta ekanligi aniqlanganda, o‘quvchilar chet el fuqarosi bo‘lsa, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining beshinchi sinfida o‘qishni to‘liq tamomlagan o‘quvchilar Prezident maktabining 5-sinfida takroran o‘qish istagini bildirgan bo‘lsa qabul qilish rad etiladi. Ijod maktablariga hujjatlar qabuli to‘g‘risida ma’lumot. Ijod maktablarining 7-sinflariga o‘quvchilar ijodiy imtihonlar hamda test sinovlari asosida har bir sinfda 20 nafardan oshmagan holda qabul qilinadi.
Ijod maktablariga talabgorning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi, fotosurati, baholar tabeli nusxasi (direktor tomonidan tasdiqlangan), ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari kabi hujjatlar talab etiladi.
Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga hujjatlar qabuli to‘g‘risida ma’lumot. Ixtisoslashtirilgan maktablarning aniq fanlar yo‘nalishiga umumiy O‘rta ta’lim muassasalarining 4-sinfini, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 6 sinfini tamomlagan o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi.
Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga talabgorning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi, fotosurati (oxirgi 2 oyda olingan), baholar tabeli nusxasi (direktor tomonidan tasdiqlangan), ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari kabi hujjatlari talab etiladi.
Hujjatlar o‘quvchilar ta’lim olayotgan maktabning hududiy mansubligi ixtisoslashtirilgan maktabning hududiy mansubligiga mos kelmagan holda, belgilangan hujjatlar to‘liq bo‘lmaganda, taqdim etilgan hujjatlardagi, muhrdagi yozuvlar o‘qib bo‘lmaydigan darajada nusxalangan bo‘lsa qayta tahrirlashga yuboriladi.
O‘quvchilarning hujjatlari belgilangan muddatlardan keyin kirish imtihonida ishtirok etish xohishini bildirilganda, taqdim etilgan hujjatlarning soxta ekanligi aniqlanganda, umumiy O‘rta ta’lim muassasasining tegishli sinfida o‘qishni to‘liq tamomlagan o‘quvchilar tomonidan ixtisoslashtirilgan maktabning shu sinfida takroran o‘qish istagi bildirilganda qabul qilish rad etiladi.



Foydali Havolalar